Toshkent viloyatining Parkent tumanidagi O‘zbekiston Fanlar
akademiyasi "Fizika-Quyosh” ilmiy-ishlab chiqarish birlashmasining
Materialshunoslik institutida Surxondaryo viloyatida o‘rta maxsus,
kasb-hunar ta’limi muassasalari o‘quvchi-yoshlari o‘rtasida bo‘lib
o‘tadigan "Barkamol avlod – 2011” sport musobaqalari mash’alasini quyosh
nurlaridan alanga oldirish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda O‘zbekiston mudofaasiga
ko‘maklashuvchi "Vatanparvar” tashkilotining Respublika texnik va amaliy
sport turlari markazi, tegishli vazirlik va idoralar, keng jamoatchilik
vakillari, sportchilar ishtirok etdi.
"Umid nihollari”, "Barkamol avlod” va Universiada musobaqalari
mash’alalari "Fizika-Quyosh” ilmiy-ishlab chiqarish birlashmasining
Materialshunoslik institutida quyosh nurlaridan yondirilishi an’anaga
aylangan.
Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida joriy qilingan uch
bosqichli sport musobaqalari Olimpiya o‘yinlariga qiyoslanib mash’ala
yoqish marosimi bilan boshlanishida ramziy ma’no bor. Chunki yurtimizda
sport bilan muntazam shug‘ullanayotgan yoshlarning jahon va qit’a
chempionatlari, Olimpiya o‘yinlarida Vatanimiz sharafini munosib himoya
qilishdek oliy maqsadlarining ro‘yobga chiqishida mazkur uch bosqichli
sport musobaqalarining ahamiyati beqiyos.
Musobaqa mash’alasining dastagi ishlangan yong‘oq daraxti – teran
tomirlarimiz, boy tariximiz, xalqimizning mustahkam iymon-e’tiqodi,
irodasi, aql-zakovati, mustaqilligimizning boqiyligiga ishora, uzoq umr,
sog‘lom hayot belgisidir. Nihol ko‘rinishidagi shakllar – yurtimiz
yoshlarining jismoniy va ma’naviy sog‘lom, Vatanimiz ravnaqiga hissa
qo‘shishga qodir, komil insonlar bo‘lib voyaga yetishi, Olimpiya
o‘yinlari xalqalari esa uch bosqichli sport tizimining yoshlarimizga
Olimp cho‘qqilari sari dadil intilishi uchun yaratilgan keng
imkoniyatlarga ishora.
Ushbu noyob qurilma yordamida quyosh nurlaridan alanga olgan mash’ala
yoshlarimizni xalqimizga xos yaratuvchanlik, bunyodkorlik ruhida
tarbiyalashga xizmat qiladi. Sport bilan shug‘ullanib voyaga yetayotgan
yoshlarimizni jahon arenalarida ulkan muvaffaqiyatlar sari
ilhomlantiradi.
…Maydonga tantanali musiqa sadolari ostida yurtimizning taniqli
sportchilari, "Barkamol avlod – 2011” sport musobaqasi ishtirokchilari
kirib keladi.
O‘zbekiston Respublikasi Davlat madhiyasi yangraydi.
"Barkamol avlod – 2011” sport o‘yinlarining porlab turgan
mash’alasini Singapurda boks bo‘yicha o‘smirlar o‘rtasida o‘tkazilgan I
Olimpiya o‘yinlari sovrindori Sardor Begaliyev, shotokan karate-do
bo‘yicha Jahon Kubogi g‘olibasi, Zulfiya nomidagi davlat mukofoti
sovrindori Zulxumor Boboyeva va shotokan karate-do bo‘yicha Jahon Kubogi
g‘olibasi Sevara Abdulhamidova maydonga olib kiradi. Mash’alani ulardan
Parkent tumani transport va servis kasb-hunar kolleji o‘quvchisi,
kikboksing bo‘yicha O‘zbekiston chempioni Elbek Rahmatov qabul qilib
oladi.
– Vatanim quyoshining nurlarini o‘ziga singdirgan bu mash’ala biz,
yoshlarning ezgu orzu-umidlarining o‘ziga xos timsoli, kelgusi
muvaffaqiyatlarimiz mayog‘idir, – deydi S.Begaliyev. – "Barkamol avlod –
2011” sport musobaqalarida ishtirok etayotgan tengdoshlarim kelajakda
Olimpiya o‘yinlari, jahon va Osiyo chempionatlarida yuksak marralarni
egallashiga, xalqimiz, Yurtboshimizning ishonchini oqlashiga ishonchim
komil. Yoshlarimizning bugungi salohiyati, iqtidori, biz uchun
yaratilgan beqiyos shart-sharoit buning muhim omilidir.
"Barkamol avlod – 2011” sport o‘yinlari mash’alasi Surxondaryo viloyati sari yo‘l oladi.
"Barkamol avlod – 2011” mash’alasi olib o‘tiladigan shahar va
qishloqlarda tantanali marosimlar, sportchilarning chiqishlari
o‘tkaziladi. Taniqli shoir va yozuvchilar, san’atkorlar, keng
jamoatchilik vakillari, o‘quvchi-yoshlar ishtirokidagi madaniy-ma’rifiy
va sport tadbirlari o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalari
o‘quvchi-yoshlarining sport, go‘zallik, birdamlik bayramiga hamohang
kuy-qo‘shiq va raqslarga ulanadi .
|